Бош саҳифа

AQSHning “Harlem Globetrotters” basketbolchilari Namanganga tashrif buyurdi

        Avval xabar berilganidek, Xalq taʼlimi vazirligi va AQSH elchixonasi tashabbusi bilan maktab oʻquvchilari oʻrtasida sportni rivojlantirish maqsadida “Harlem Globetrotters” basketbol jamoasi yurtimizga tashrif buyurdi. Tashrif doirasida AQSHning “Harlem Globetrotters” basketbol jamoasi vakillari tomonidan yurtimiz maktablarida mahorat darslari tashkil etilmoqda.

       Sportning inson hayotidagi oʻrni va ahamiyati ortiqcha izoh talab qilmaydi. Zero, sport bu salomatlik, yetuklik, barkamollik va shijoat demakdir.

       Ayniqsa, kelajagimiz egalarining bolalik kezlaridan sportga oshno boʻlib ulgʻayishi ularning jismonan yetukligi, qatʼiyat, shijoat va matonat borasida toblanib borishlari barobarida boʻsh vaqtlarini mazmunli va samarali tashkil etishga xizmat qiladi. Bu farzandlarimizning nojoʻya yoʻllarga kirib, har xil zararli illatlarga chalgʻimasligini ham kafolatlaydi.

       Xalq taʼlimi vazirligi va AQSH elchixonasi tomonidan oʻquvchilar oʻrtasida sportni rivojlantirish, yoshlar orasida basketbol oʻyinini targʻib qilish va bullingga qarshi kurashish maqsadida tashkil etilayotgan tashabbus ana shunday ezgu saʼy-harakatlarga qaratilgan.

      29 apreldan 4 mayga qadar davom etadigan tadbirlar jarayonida AQSHning “Harlem Globetrotters” basketbol jamoasi vakillari mamlakatimizning barcha hududlarida sportsevar oʻquvchilar ishtirokida mahorat darslarini olib boradi.

 

 

 

     30 aprel kuni ana shunday mahorat darslari Namangan viloyatining Chust tumanidagi 64-umumtaʼlim maktabida tashkil etildi. Jarayonlarda viloyatning barcha shahar va tumanlaridan 300 nafardan ziyod oʻgʻil-qizlar faollik va katta ishtiyoq bilan qatnashdi.

    Taʼkidlash joizki, sport tinchlik va doʻstlik elchisi sifatida aholining barcha qatlamlari, xususan, yoshlar oʻrtasida ahillik va hamjihatlikni mustahkamlashga, yangi doʻstlar orttirishga xizmat qiladi. Eng ahamiyatlisi, sport joʻshqinlik va ishtiyoq, hayotni sevish va muvaffaqiyatlarga intilish omili sifatida yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etgan holda ular oʻrtasida jinoyatchilik, huquqbuzarlik va zoʻravonlik kabi illatlarning oldini olish kafolati hamdir.

 

 

 

    Shuning uchun ham mashgʻulotlarda barcha oʻquvchilar zoʻr ishtiyoq bilan ishtirok etishdi. AQSHning “Harlem Globetrotters” basketbol jamoasi vakillari Fatima Lister (TNT) va Julius MakKlarkin (Zeus) “T.E.A.M.Up at School” dasturi doirasida mahorat darslari oʻtishdi, oʻquvchilar bilan mashgʻulotlarda ishtirok etishdi. Dunyoning mashhur va mahoratli basketbolchilari oʻtgan mahorat darslari oʻgʻil-qizlarning sportga boʻlgan ishtiyoqini, xususan, basketbolga qiziqishlarini yanada oshirdi.

       Mashgʻulotlar jarayonida Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi, sport boshqarmasi vakillari ham ishtirok etdi.

     Mahorat darslarida faol ishtirok etgan oʻquvchilarga sertifikatlar topshirildi. Yoshlarni sportga jalb etish orqali ularning boʻsh vaqtini samarali tashkil etish hamda kelajagimiz egalari orasida jinoyatchilik, huquqbuzarlik illatlarining oldini olishdek ezgu maqsadga qaratilgan mahorat mashgʻulotlari butun mamlakatimiz boʻylab davom etmoqda.

 

Namangan viloyati xalq taʼlimi
boshqarmasi Axborot xizmati

Manzil

Namangan shahri, Do'stlik shox ko'chasi, 3-kichik tuman, 160115

(8-369) 232-61-15

 (8-369) 232-19-84

Этот адрес электронной почты защищён от спам-ботов. У вас должен быть включен JavaScript для просмотра.

 

Statistika