Бош саҳифаMilliy internet tanloviga marhamat

Milliy internet tanloviga marhamat

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish bilan uyg‘un olib borilmoqda. Zero, bugungi globallashuv sharoitida internetdagi tezkor va sarhadsiz axborotni saralay bilish, ulardan to‘g‘ri foydalanish insondan yuksak aql, keng dunyoqarash va mustahkam irodani talab etadi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bugun mamlakatimizda “uz” domenidagi saytlar soni o‘n olti mingtani tashkil etmoqda. Yurtimizdagi internetdan foydalanuvchilarning aksariyati zamonaviy axborot texnologiyalari imkoniyatlari va chet tillarini puxta o‘zlashtirgan yoshlardir.

 

Internetda foydali ma’lumotlarga to‘la veb-sahifalar bilan birga, milliy qadriyatlarimizga zid, zo‘ravonlik, shafqatsizlik va behayolikni targ‘ib qilishga, millatchilik, irqchilik, inson qadr-qimmatini kamsitishga qaratilgan saytlarning ham borligi yoshlarimiz ongi va qalbini to‘g‘ri tarbiyalashni hayot-mamot masalasiga aylantirmoqda. Bu ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, virtual tizimdan unumli foydalanishni tashkil etish bilan bog‘liq.

Bu borada “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tomonidan qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2011-yilda harakatning rasmiy veb-sayti (www.kamolot.uz) to‘liq qayta ishlab chiqildi. O‘tgan davr mobaynida yoshlar o‘rtasida tashkil etilgan turli loyihalar, festivallar, seminar va anjumanlar veb-sayt orqali on-layn tarzda yoritildi. “Mustahkam oila yili” Davlat dasturi doirasida o‘tkazilgan “Mustahkam oila – jamiyat poydevori” mavzuidagi on-layn muloqotlar ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otdi. Yosh avlodni oila bilan bog‘liq ma’naviy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash maqsadida tashkil etilgan ushbu muloqotlarda madaniyat, san’at va sport namoyandalari, malakali psixologlar, katta hayotiy tajribaga ega nuroniylar yurtimiz yoshlari bilan muloqot qildi. Ilk marotaba internet tarmog‘ida tashkil etilgan ushbu loyihada 800 mingdan ziyod yoshlar ishtirok etdi.

”Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining rasmiy veb-sayti negizida test.kamolot.uz doimiy subsayti tashkil etilib, “Konstitutsiya bilimdoni” mavzuidagi on-layn tanlovi o‘tkazildi va ushbu tanlovda 11 ming 134 nafar o‘g‘il-qiz ishtirok etdi. “Oila – mening qutlug‘ bog‘im”, “Bahor ilhomlari” mavzularida o‘tkazilgan tanlovlarga internet tarmog‘i orqali 200 nafardan ziyod yosh ijodkorning ijod namunalari qo‘yildi.

Ana shu ezgu ishlarning mantiqiy davomi sifatida joriy yildan boshlab “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tashabbusi bilan qator vazirlik va tashkilotlar bilan hamkorlikda an’anaviy “MIT.UZ” milliy internet tanlovi tashkil etilmoqda. Tanlovdan maqsad yoshlarga mo‘ljallangan internet resurslarni yaratish, rag‘batlantirish, mavjudlarini rivojlantirishdan iborat.

“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati markaziy kengashidan ma’lum qilishlaricha, tanlovda 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan veb-dizaynerlar, dasturchilar, internet saytlari mualliflari, fotomuxbirlar, jurnalistlar va yosh ijodkorlar o‘z saytlari, internetga joylashtirilgan foto va videomateriallari bilan qatnashishi mumkin. Milliy internet tanlovining o‘ziga xos jihati shundaki, tanlovda ishtirok etayotgan veb-saytlar nafaqat hakamlar hay’ati, balki internetdan foydalanuvchilar tomonidan ham baholab boriladi.

Tanlovda yurtimizning boy madaniyati va san’ati, tarixi, istiqlol g‘oyalari va ma’naviy qadriyatlar, iqtisodiyot, sayyohlik salohiyati, qishloq va shaharlardagi farovon hayotni hamda yangiliklarni aks ettirgan, Obod turmush yiliga bag‘ishlangan eng yaxshi veb-saytlar mualliflari rag‘batlantiriladi. Shuningdek, yoshlar ishtirokida o‘zbek mumtoz she’riyati va adabiyotini keng targ‘ib etgan eng yaxshi rolik, yurtimiz tabiati va tarixiy yodgorliklari aks etgan, kompyuter va boshqa elektron uskunalarga o‘rnatishga mo‘ljallangan internet tarmog‘idagi eng yaxshi fotojamlanmalar ham aniqlanadi.

Bundan tashqari, “Davlat tilidagi eng yaxshi sayt”, “Ikki tilda yaratilgan eng yaxshi sayt”, “Mobil aloqa vositalari uchun mo‘ljallangan eng yaxshi sayt yoki qo‘shimcha dastur”, “Eng yaxshi dizayn” kabi qo‘shimcha nominatsiyalar bo‘yicha ham g‘olib saytlar taqdirlanadi.

MIT.UZ milliy internet tanlovi bo‘yicha arizalar joriy yilning 1-iyuniga qadar qabul qilinadi. G‘oliblar mamlakatimiz mustaqilligining 22-yilligi arafasida e’lon qilinadi.

 


Manba: uza.uz

Manzil

Namangan shahri, Do'stlik shox ko'chasi, 3-kichik tuman, 160115

(8-369) 232-61-15

 (8-369) 232-19-84

Этот адрес электронной почты защищён от спам-ботов. У вас должен быть включен JavaScript для просмотра.

 

Statistika