​XALQ TA’LIMI VAZIRI NAMANGANLIK O‘QUVCHI-YOSHLAR BILAN UCHRASHUV O‘TKAZDI






​XALQ TA’LIMI VAZIRI NAMANGANLIK O‘QUVCHI-YOSHLAR BILAN UCHRASHUV O‘TKAZDI 0





XALQ TA’LIMI VAZIRI NAMANGANLIK O‘QUVCHI-YOSHLAR BILAN UCHRASHUV O‘TKAZDI

Mamlakat ertasi, Vatan kelajagi va istiqboli yoshlar bilan birga quriladi. Ularning ta’lim-tarbiyasi, hayoti va kamoliga e’tibor yurt ravnaqida beqiyos ahamiyatga ega.

Prezidentimizning "Yangi O‘zbekiston - maktab ostonasidan, ta’lim-tarbiya tizimidan boshlanadi", degan iborasi ham ana shunday e’tiborni o‘zida mujassam etgan. Shuning uchun ham mamlakatimizdagi islohotlar va yangilanishlar jarayonida ta’lim sohasiga har qachongidan ustuvor e’tibor qaratilmoqda. Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatovning Namangan viloyati o‘quvchi-yoshlari bilan uchrashuvi ham soha odimlari, istiqbol va yoshlar masalalariga bag‘ishlandi. Namangan viloyat madaniyat markazida bo‘lib o‘tgan vazir bilan uchrashuvda bugun sohada uchrayotgan muammolar, ta’lim-tarbiya jarayonlarining tashkil etilishi, sifat va samaradorlik, yoshlarning fikr-mulohazalari, taklif va istaklari, intilishlari bilan yaqindan tanishish hamda ularni ijobiy hal qilish muloqot markazida bo‘ldi. 

Dolzarb masalalar muhokamasi bilan qizg‘in va munozaralar bilan o‘tgan uchrashuvda Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov, viloyatdagi 220 nafar o‘quvchilar, o‘qituvchilar, ta’lim mutasaddilari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Ochiq va samimiy ruhda o‘tgan uchrashuvda xalq ta’limi vaziri Davlatimiz rahbari tomonidan yoshlarga alohida e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatib kelinayotgani, ta’lim olishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratib berilayotganini ta’kidlab o‘tdi.

Namangan shahridagi 21-umumta’lim maktabining 11-sinf o‘quvchisi Jobirxon G‘aniyevning xalq ta’limi vazirligi tizimida biznes va iqtisod yo‘nalishiga ixtisoslashtirilgan maktab tashkil qilish taklifi bo‘yicha Namangan shahrida pilot tarzida biznes va iqtisod maktabini tashkil qilish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi. 

O‘quvchilarning ijodiy qobiliyatlarini yanada oshirish, ularni munosib rag‘batlantirish maqsadida o‘quvchilarning bir yillik ijodiy ishlarini yaxlit ensiklopediya yoki kitob holatda chop etib borishni yo‘lga qo‘yish yuzasidan Norin tumanidagi 17- umumta’lim maktabi 7-sinf o‘quvchisi Dilnoza Komiljonovaning savoli bo‘yicha vazir ijodkor o‘quvchilar o‘rtasida tanlov o‘tkazilishi, eng yaxshi natija ko‘rsatgan o‘quvchilarning kitoblari nashr etilishini ta’kidladi. 

O‘quvchilar tomonidan xorijiy oliygohlarga kirish bilan bog‘liq masalalar, maktab o‘quvchilari uchun vazir stipendiyasi, oliygohlarga talab etiladigan hujjatlarni tayyorlash uchun qulay bo‘lgan onlayn pratforma yaratish borasida berilgan savollarga vazir tomonidan to‘liq va atroflicha javob berildi. 

Muddatidan oldin xorijiy oliygohlar talabasi bo‘lgan 14 nafar o‘quvchilar xalq ta’limi vazirining qimmatbaho sovg‘alari va viloyat xalq ta’limi boshqarmasining faxriy yorlig‘i bilan, 3 nafar “USTOZ - 2020” tanlovi g‘oliblari, 8 nafar ta’limda tashabbus ko‘rsatgan o‘qituvchilar “Xalq ta’limi a’lochisi”, 3 nafar o‘qituvchi “Xalq ta’limi fidoyisi” ko‘krak nishoni, bir nafari esa xalq ta’limi vazirining faxriy yorlig‘i hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar. Tadbir so‘nggida viloyatdagi “Barkamol avlod” bolalar maktablari to‘garak a’zolarining ijod namunalaridan iborat ko‘rgazmalari, o‘quvchilar tomonidan tashkil qilingan qo‘g‘irchoq teatri sahna ko‘rinishlari namoyish etildi.

Namangan viloyat xalq ta’limi boshqarmasi Axborot xizmati

19:36

TAKLIFLARINGIZNI BIZ BILAN BO`LISHING