​YOSHLAR FЕSTIVALI IQTIDORLARNI KASHF ETDI.






​YOSHLAR FЕSTIVALI IQTIDORLARNI KASHF ETDI. 0





Yoshlarning iqtidor va qobiliyatini yuzaga chiqarish va yanada rivojlantirish, ularning istiqbol sari odimlarini munosib rag‘batlantirish yurtimizda eng muhim va ustuvor masalalardan biriga aylangan.

Joylarda o‘tkazilayotgan “Yoshlar festivallari” ham ana shu maqsadga qaratilgan bo‘lib, ular orasidan chinakam talantlari kashf etmoqda.Yangiqo‘ron tumanidagi 33-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida mazkur festival Prezidentimizning 5 ta muhim tashabbusi doirasida o‘tkazildi. Har bir tashabbusga bag‘ishlangan turli ko‘rgazmalar, musiqiy ansambllar chiqishi, rasmlar tanlovi, sport musobaqalari, kibersport bo‘yicha bellashuvlar, mehnat yarmarkasi va kitobxonlar tanlovida yoshlarning intilishlari namoyon bo‘ldi. Ayniqsa, “Ko‘chma kutubxona" faoliyati tadbirga yig‘ilganlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Raqs to‘garagida faoliyat yuritayotgan jajji qizaloqlarning chiqishlari yuksak baholandi. Kibersport bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqada 32-36-44- va 54-sonli maktab jamoalari bahs olib bordilar. G‘oliblikni qo‘lga kiritgan 32-umumta’lim maktabi jamoasi esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Kitobxonlik tanlovida o‘quvchilar bahru-bayt va kitobxonlik borasida bahslashdilar. Sportning voleybol, stol tennisi, og‘ir atletika, basketbol va mini futbol turlari bo‘yicha ham maktablar jamoalari o‘rtasidagi musobaqalar qizg‘in bahsga aylandi. Qolaversa, 36-umumta’lim maktabi o‘quvchilarining ganchkorlik, loy va gipsdan yasagan turli shakldagi haykalchalarga ham qiziqish katta bo‘ldi.

Festival doirasida "Vatanparvar" tashkiloti tomonidan avtomobillar va harbiy texnikalar namoyishi bo‘lib o‘tdi. Maxsus bo‘linmalarning chiqishlari uyushtirildi. Xususan, 10-umumta’lim maktabi o‘quvchilari tayyorlagan sahna ko‘rinishlari sportning harbiy texnik turlarini mujassam etgani, mardlik va jasorat namoyishi sifatida barchaga manzur bo‘ldi. Festival viloyat san’atkorlari va ijrochi yoshlarning harbiy-vatanparlik ruhidagi kuy-qo‘shiqlari bilan davom etdi. Yangiqo‘rg‘onda bo‘lib o‘tgan yoshlar festivali doirasida "Hokim va yoshlar" uchrashuvi tashkil etildi. Unda viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazzaqov hamda viloyat sektorlari rahbarlari ishtirok etdilar. Tadbirda, Nanay madaniyat saroyiga 50 million so‘mlik cholg‘u asboblari taqdim etilgani yoshlar kamoliga bo‘lgan e’tiborning yorqin namunasi bo‘ldi. "Temir daftar"ga kiritilgan oila vakillari bo‘lgan bir guruh yoshlarga kitoblar to‘plami topshirildi.

Yoshlar festivali doirasidagi “Sportni sev, sport bilan yasha!” shiori ostidagi bellashuvlar va chiqishlarda sportchi o‘quvchilar o‘z mahoratlarini namoyish etdilar. Tadbir avvalida viloyat hokimi yangiqo‘rg‘onlik voleybolchi qizlarni alohida e’tirof etdi va ular erishayotgan yutuqlar zamirida mahalliy murabbiy Ilhomjon Turdiyevning katta hissasi borligini ta’kidladi.

Shundan so‘ng sportning og‘ir atletika, voleybol, mini-futbol, stol tennisi, boks kabi turlari bo‘yicha ko‘rgazmali chiqishlar havola qilindi. Tumanda tashkil etilgan musobaqalarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan sportchilarga tashakkurnomalar va esdalik sovg‘alari topshirildi. Qizg‘in bahslar, musobaqalar, ko‘rgazmalar bilan o‘tgan festivalga 1500 nafardan ziyod iqtidorli o‘quvchi-yoshlar qamrab olindi. Viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazzaqov Yangiqo‘rg‘on tumanida jismoniy tarbiya va sportning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash uchun 100 million so‘mlik sport jihozlari uchun sertifikatni topshirdi.

Namangan viloyat xalq ta’limi boshqarmasi Axborot xizmati

07:25

TAKLIFLARINGIZNI BIZ BILAN BO`LISHING