KOSONSOY TUMANIDA TA’LIM TIZIMIGA OID TANQIDIY - TAHLILIY YIG‘ILISH BO‘LIB O‘TDI.






KOSONSOY TUMANIDA TA’LIM TIZIMIGA OID TANQIDIY - TAHLILIY YIG‘ILISH BO‘LIB O‘TDI. 0





Mamlakatimizda ertangi kunimiz ishonchi va suyanchi bo‘lgan kelajagimiz egalariga har jihatdan yuksak e’tibor qaratilib, ularning ilm-fan, sport va san’at, ma’naviyat, umuman, barcha sohalarda yuksak marralarga intilib, munosib kamol topishlari uchun barcha imkoniyatlar yaratib berilmoqda.

Bugungi yangilanishlar jarayoni, taraqqiyot asri talablari yosh avlodni ertangi kun sari shahdam yetaklashda ustoz-murabbiylardan faollik, fidoyilik, o‘ziga xos tashabbuslar ko‘rsatishni taqozo etadi.Kosonsoy tumani hokimligida tuman xalq ta’limi bo‘limi tasarrufidagi umumiy o‘rta ta’lim maktablari faoliyatida sifat va samaradorlikka erishish, bitiruvchilarni oliy ta’limga qamrovi, yoshlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikni oldini olish, tizimda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar tahlili, amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan tanqidiy-tahliliy yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda tuman hokimi Bahodir Yusupov, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Rustamjon Israilov, tuman prokurori, Xalq ta’limi vazirining huquqiy nazorat inspeksiyasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish inspeksiyasi hududiy bo‘limi mutasaddilari, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi bo‘lim boshliqlari hamda tumandagi 58 ta ta’lim muassasalarining direktorlari, o‘quv va ma’naviy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari qatnashdilar. Yig‘ilishda yoshlar istiqboli va ta’lim jarayonlarida erishilayotgan yutuq va muvaffaqiyatlar, ijobiy natijalarga alohida to‘xtalindi.

Shu bilan birga faoliyatda uchrayotgan kamchilik va nuqsonlar, yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarga tanqidiy tarzda yondashildi. Kosonsoy tumanidagi ta’lim sohasida hamon tizimli muammolar borligi, maktablarning moddiy-texnik bazasi, ayrim pedagog xodimlarning bilim va malakasi bugungi zamon talablariga javob bermasligi tanqid qilindi. 2019/2020 o‘quv yili yakuni bo‘yicha Respublika ta’lim inspeksiyasi tomonidan o‘tkazilgan “Milliy reyting”da Namangan viloyatida 68 ta maktab ishtirok etgan edi. Reytingning 100 ballik baholash mezoniga ko‘ra, Kosonsoy tumanidagi 1-umumiy o‘rta ta’lim maktabi 27 ball bilan respublikada 621-, 2-maktab 26 ball bilan 660- o‘rinni, 3-maktab esa 23 ball bilan 772-o‘rinni band etgan. Bu esa ushbu maktablarda o‘quvchilarga bilim berish qoniqarsiz ahvoldaligi, o‘qituvchilarning malaka va mahorat borasida o‘z ustida ishlamayotgani, salohiyati yetarli darajada emasligi hamda maktab rahbarlari tomonidan sifat va samaradorlikka e’tiborsiz yondashilganini ko‘rsatadi. 3-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 63 nafar bitiruvchisidan 1, 9- maktabning 78 bitiruvchisidan bor yo‘g‘i 2 nafari oliy o‘quv yurtiga kirgan xolos. 40 -, 12- maktablarning esa birorta ham bitiruvchisi OTMlarga kira olmagan. Faoliyatda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar va lavozim majburiyatlarini bajarmaganliklari uchun tumandagi 2-, 9-, 14-, 20-, 40-, 45-, 46-sonli maktab direktorlari lavozimidan ozod etilib, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlarining kelgusidagi faoliyati ko‘rib chiqilishi belgilandi.

Shuningdek, maktablar faoliyatini yetarli nazorat qilmaganligi, o‘z vazifasiga sovuqqonlik bilan qaraganligi, tashabbuskorlik yetishmasligi uchun Kosonsoy tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiriga oylik ish haqining 30 foizi miqdorida intizomiy jazo chorasi qo‘llanildi.

Yig‘ilishda tumanda xalq ta’limi tizimini tubdan takomillashtirish, muammolarni kompleks hal etish masalalari chuqur tahlil qilinib, kelgusidagi vazifalar muhokama etildi. Ishtirok etgan rahbar va mutasaddilar, ta’lim sohasida faoliyat yuritayotgan tajribali va fidoyi muallimlar, ziyolilar, muhokama qilingan masalalar yuzasidan o‘z fikr-takliflarini bildirdilar. 

Tuman xalq ta’limi bo‘limiga yig‘ilishda ko‘rilgan masalalar yuzasidan ishlarni kuchaytirishi va muntazam nazorat o‘rnatish hamda amalga oshirilayotgan islohotlar yuzasidan rahbarlarning shaxsiy mas’uliyatini oshirishi lozimligi ta’kidlandi. 

Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi tomonidan bu kabi tanqidiy-tahliliy yig‘ilishlar kelgusida barcha tumanlarda o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Namangan viloyat xalq ta’limi boshqarmasi Axborot xizmati

06:06

TAKLIFLARINGIZNI BIZ BILAN BO`LISHING